Ko'p beriladigan savollar
Italiyada tahsil olish haqida ko‘p so‘raladigan savollar.

Italiyada tahsil olish haqida ko‘p so‘raladigan savollar.
1. Nima uchun Italiyada o'qishni tanlashim kerak?
Italiya yuqori sifatli ta'lim, Top universitetlar, arzon kontrakt to'lovlari shuningdek tarix, san'at hamda innovatsiyalarni o'zida mujassam etgan boy madaniy muhitni taklif qiladi.
Eng asosiysi Italiya xalqaro talabalarga tekinga o'qib, stipendiya (yillik 7900€ gacha) yutish imkoniyatlari beradi. Shuning uchun oxirgi yillarda Italiyaga o'qishga kelayotgan talabalar soni oshmoqda.
2. Italiyada o'qishning yaxshi tomonlari qanday?
- Arzon va deyarli bepul o'quv to'lovlari: Davlat universitetlarida yillik o'quv to'lovlari odatda €500 dan €4,000 gacha, bu boshqa ko'plab davlatlarga qaraganda arzonroq yoki deyarli bepul.
- Stipendiyalar va grantlar: Xalqaro talabalar uchun turli moliyaviy yordam dasturlari mavjud bo'lib, ular deyarli bepul ta'lim olish imkoniyatini yaratadi. Talabalar yiliga €7,900 gacha bo'lgan stipendiya olishlari mumkin. Bundan tashqari, yotoqxonalarda yashash, ovqatlanish va boshqa qulayliklar ham taqdim etiladi.
- Oson o'qishga kirish: Ko'plab universitetlar xalqaro talabalarga GPA bo'yicha yuqori talablar qo'ymaydi. Misol uchun, ko'p dasturlar uchun faqat maktab attestati va til sertifikati kifoya qiladi.
- Tayyorlov kurslari (Foundation): 11 yillik maktab tizimidan keyin universitetga tayyorgarlik ko'rish uchun maxsus kurslar mavjud. Bu dasturlar Pisa, Sapienza va Siena universitetlarida mavjud.
3. Italiyada o'qishning kamchiliklari qanday?
- Ingliz tilidagi dasturlarning sifati: Ko'pgina ingliz tilidagi dasturlar mavjud bo'lishiga qaramay, mahalliy aholi va ba'zi professorlar tomonidan ingliz tilida muloqot darajasi past bo'lishi mumkin. Kichik shaharlarda ingliz tilida muloqot qilish juda qiyin.
- Amaliy tayyorgarlikning yetishmasligi: Italiyadagi ko'plab universitetlar nazariy ta'limga urg'u beradi. Bu ba'zan amaliy ko'nikmalarning yetishmasligiga olib keladi va talabalarning ish topishini qiyinlashtiradi.
- Kirish imtihonlari: Ko'pgina bakalavr va magistratura dasturlari uchun kirish imtihonlari talab qilinadi. Ushbu imtihonlar italyan yoki ingliz tilini, shuningdek, tanlangan yo'nalish bo'yicha bilimlarni tekshiradi.
4. Italiyada xalqaro talabalar uchun qanday stipendiyalar mavjud?
-
Need-based stipendiyalar: DSU, Lazio Disco, EDISU Piemonte, ARDISS Friuli Venezia Giulia, ERDIS Marche, va boshqa mintaqaviy dasturlar. Ushbu stipendiyalar oila daromadlariga qarab taqdim etiladi va o'quv to'lovlari, turar joy va yashash xarajatlarini qoplashga yordam beradi. Aynan shu stipendiyalar talabalar uchun deyarli bepul ta'lim olish imkoniyatini yaratadi. Talabalar yiliga €7,900 gacha bo'lgan moliyaviy yordam olishlari mumkin. Italiya hukumati tomonidan beriladigan ushbu stipendiyadan deyarli barcha O'zbekistonlik talabalar foydalanish imkoniyatiga ega.
-
Merit-based stipendiyalar: Invest Your Talent in Italy, Borsa di Studio dell'Università , va universitetlarning o'ziga xos mukofot dasturlari yuqori akademik ko'rsatkichlarga ega talabalar uchun mo'ljallangan.
5. Italiyada o'qish uchun qanday dasturlar mavjud?
Foundation (1 yil)
- Maktab diplomi (11 yil).
- Ba'zan til sertifikati talab qilinadi.
Bakalavr (3 yil)
- Maktab diplomi (12 yillik ta'lim yoki Foundation dasturi yoki O'zbekistonda universitetda 1 yil o'qish).
- Til sertifikati (5.5 IELTS yoki B2 ekvivalenti).
- Qo'shimcha bilim sertifikati (masalan, SAT yoki TOLC).
Magistratura (2 yil)
- Bakalavr diplomi.
- Til sertifikati (5.5 IELTS yoki B2 ekvivalenti). Bakalavrni ingliz tilida o’qigan bo’lsa sertifikat talab qilinmasligi mumkin.
- Ayrim sohalar va yo'nalishlar uchun qo'shimcha talablar, masalan:
- Portfolio.
- Intervyu.
6. Universitetlarga qabul muddati qachon?
Universitetga topshirish muddati quyidagicha bo'ladi:
| Qabul | Boshlanishi | Tugashi |
|---|---|---|
| 1chi chaqiruv | Noyabr | Fevral |
| 2chi chaqiruv | Fevral | Aprel yoki May |
| Ba'zi universitetlar | Fevral yoki Aprel | Yoz oylarigacha davom etadi |
Universitetga topshirish uchun eng yaxshi vaqt bahorning boshida, mart oylari hisoblanadi.
7. Italiyada yashash xarajatlari qanday?
Italiyada yashash xarajatlari shahar va yashash joyiga qarab farqlanadi. Milan va Rim kabi yirik shaharlarda ijara va ovqatlanish xarajatlari yuqori bo'lib, yashash nisbatan qimmatga tushadi. Kichik shaharlar yoki universitet shaharchalarida esa yashash xarajatlari ancha arzonroq bo'ladi. O'rtacha oylik yashash xarajatlari €500-€800 ni tashkil qiladi.
8. O'qish davomida ishlashim mumkinmi?
Ha, talabalar haftasiga 20 soat ishlashlari mumkin, ammo aksariyat ishlar uchun italyan tilini bilish talab etiladi.
Ish topish bo'yicha maslahatlar uchun: Havola
9. Italiyada o'qish uchun italyan tilini bilishim kerakmi?
Ko'plab Ingliz tilidagi dasturlar mavjud bo'lsa ham, italyan tilini bilish kundalik hayot va ish topishda qo'l keladi.
Italyan tilini o'rganish haqida ko'proq ma'lumot uchun: Havola
10. Italiyada turar joyni qanday topsam bo'ladi?
Universitetlar talabalar uchun turar joy yotoqxonalarini (dormitories) taqdim etadi. Shuningdek, ijaraga xonadon olishingiz mumkin. Quyidagi platformalar orqali turar joy izlashingiz mumkin: Idealista, Immobiliare, Facebook guruhlari, Uniplaces.
Uy-joy qidirish haqida batafsil ma'lumot uchun: Havola
Savollaringiz bormi?
Biz bilan bog‘lanish uchun Telegram orqali murojaat qiling: @askunify.